Darhaqiqat, tibbiyot kollejlari faoliyati tubdan isloh qilinib, oʻqish muddati 3 yildan 2 yilga qisqartirildi. Ilgari tibbiyot kollejlariga oʻrta maktablarning 9-sinf bituvchilari qabul qilingan boʻlsa, joriy 2019/2020 oʻquv yilidan maktablarning 11 sinf bitiruvchilari qabul qilinadi. Shuningdek, yangi “tibbiy-ijtimoiy ishi” yoʻnalishida taʼlim bir yarim yillik etib belgilandi. Endilikda yoshlarimiz tibbiyot kollejlarida hamshiralik ishi, farmatsiya, tibbiy profilaktika ishi, stomatologiya ishi, feldsherlik ishi, feldsherlik-laboratoriya ishi, tibbiy-ijtimoiy ishi kabi 7 ta yoʻnalishda malakali mutaxassis boʻlib yetishib chiqish imkoniyatiga ega boʻldi.
— Avvalgi yillardagidek tibbiyot kollejlariga yangi oʻquv yilida ham kvotalar belgilanganmi va imtihon jarayoni qay tartibda oʻtkaziladi?
— Ayni paytda bu haqda tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqildi. Unga asosan 2019/2020 oʻquv yili uchun ham hududlardagi tibbiyot kollejlarining ehtiyoji va qamroviga qarab davlat komissiyasi qarori asosida kvotalar ajratilishi rejalashtirilgan. Unga koʻra, agar oʻqish istagini bildirgan abituriyentlar soni belgilangan kvotalardan oshib ketsa, qabul jarayoni imtihon asosida oʻtkaziladi. Tayyorlangan loyihaga koʻra, bunday holatlarda oʻquvchilar taʼlimning uchta fan yoʻnalishi — kimyo, biologiya, ona tili va adabiyot fanlaridan yozma shaklda imtihon topshiradi. Har bir fan uchun alohida-alohida imtihon kunlari belgilanadi. Yozma imtihon savollari davlat komissiyasi markazi xodimlari tomonidan tasdiqlangan bilet varaqalari koʻrinishida boʻlib, oʻquvchiga ushbu yozma ishlar uchun 2 soat vaqt ajratiladi. Imtihonning ertasi kuni javob varaqalari maxsus eʼlonlar oynasiga ilib qoʻyiladi. Natijalarga koʻra, oʻqishga qabul qilingan oʻquvchilar davlat grantlari va toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olishadi.
— Abituriyentlardan qabul jarayonida qanday hujjatlar qabul qilinadi?
— Abituriyentlar mutaxassisligi va kasbi, oʻqitish tili, taʼlim muassasasini tugatganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni koʻrsatgan holda taʼlim muassasasi rahbari nomiga ariza, pasport yoki tugʻilganlik haqidagi guvohnoma nusxasi, umumiy oʻrta taʼlimni tugatganlik haqidagi hujjatning asl nusxasi, 3,5-4,5 oʻlchamdagi 6 ta fotosurat taqdim etishadi.
— Joriy yilda ham tibbiyot kollejlarida ikkinchi mutaxassislik uchun oʻrinlar belgilanadimi?
— Bu yilda tibbiyot kollejlarida ikkinchi mutaxassislik uchun alohida oʻrin ajratish koʻzda tutilmagan. Ammo ikkinchi mutaxassislik boʻyicha taʼlim olish istagidagi fuqarolar, barcha abituriyentlar qatori ajratiladigan kvotalar asosida belgilangan tartibda imtihon topshirishlari mumkin.
— Tibbiyot kollejlaridagi qabul jarayoni bilan bogʻliq savollar bilan kimga murojaat qilish mumkin?
— Joriy oʻquv yilidagi qabul jarayoni uchun barcha tibbiyot kollejlarida qabul komissiyalari tuzilgan. Ota-onalar hamda oʻquvchilar qabul bilan bogʻliq barcha savollarga qabul komissiyasi orqali batafsil maʼlumot olishlari mumkin.




